Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashganiga munosabat bildirdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Erdo‘g‘on Ozarbayjonda iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etgan. Tadbirdan qaytayotganda samolyot bortida Rossiya—Ozarbayjon masalasi haqida gapirib o‘tgan.
“Turkiya Ozarbayjon bilan ham, Rossiya bilan ham chuqur diplomatik va strategik munosabatlarga ega. Biz keskinlikni diqqat bilan kuzatmoqdamiz va tinchlikka chaqiramiz. Eng katta tilagimiz shuki, sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqealar Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazmasin”, degan Erdo‘g‘on .
Turkiya rahbariga ko‘ra, har ikki tomon ham ushbu muammoni bartaraf etish kerakligini tushunadi.
“Bu masalani hal qilish uchun kerak bo‘lgan konstruktiv qadamlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Bizning ustuvor vazifamiz — qiyinchilik bilan erishilgan barqarorlikka putur yetkazadigan keskinlashuvga yo‘l qo‘ymaslik. Kavkazda yana bir mojaroga toqat qilolmaymiz”, dedi u.
Yekaterinburgda ikki ozarbayjonlikning o‘limi Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlarda misli ko‘rilmagan inqirozni keltirib chiqargan. Ammo ekspertlarga ko‘ra, bu inqirozning sabablari so‘nggi bir necha yil ichida to‘planib qolgandi. Ozarbayjon Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi ta’sirini kamaytirishni va o‘zini Moskvaning teng huquqli hamkoriga aylantirishni xohlamoqda.
Izoh (0)